
Kasbi tumani, Mesit MFY hududida istiqomat qiluvchi fuqaro Sherzod Xoliqulovning O‘zbekiston ko‘chasining 100 metr qismi asfaltlangan bo‘lib, qolgan 250 metr yo‘l esa e’tibordan chetda qolganligi haqida tanqidiy murojaati Qashqadaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi.
Mazkur murojaat doirasida, fuqaro bilan yuzma-yuz suhbat ham o‘tkazildi. Mazkur ichki xo‘jalik yo‘li tuman Obodonlashtirish boshqarmasi balansida ekanligi fuqaroga tushuntirilib dalolatnoma tuzildi.
2021-yilda hokimlik tomonidan ishlab chiqilgan dasturda O‘zbekiston ko‘chasining 22-maktabgacha bo‘lgan 100 metr qismi asfalt qilinishi belgilangan va ta’mirlash ishlari bajarilib, foydalanishga topshirilgan.
Bizning tahliliy kuzatuvlarimiz shuni ko‘rsatadiki, mazkur vaziyatda fuqaro tomonidan bildirilayotgan har qanday ko‘zbo‘yamachilik yoki noqonuniy harakatlar kuzatilmagan.
Fuqarolar yashash joylarini obodonlashtirish yo‘lida faol bo‘lishlari, shuningdek, davlat idoralari bilan hamkorlikda ishlashlari tahsinga sazovor.
Qashqadaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi barcha fuqarolardan murojaatlar va takliflarni qabul qilib, ularni hal qilishga tayyor ekanligini bildiradi.
QAShQADARYO VILOYATI AVTOMOBIL YO‘LLARI BOSh BOShQARMASI AXBOROT XIZMATI