
“Ishonch” gazetasining 2024-yil 28-may №66-sonida fuqaro Kamol O‘rolovning murojaati asosida “Beshchashmaning yo‘li qachon soz bo‘ladi?” sarlavhasi ostida e’lon qilingan shikoyat yuzasidan Chiroqchi tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Mazkur murojaat yuzasidan belgilangan tartibda manzilli o‘rganish olib borildi.
Chiroqchi tumani Beshchashma hududidan o‘tuvchi mazkur
avtomobil yo‘li Chiroqchi TYFDM balansida bo‘lgan mahalliy ahamiyatdagi 4K342 “A-378 avtoyo‘li – Uyshun q. – 4R84 avtoyo‘li” avtomobil yo‘li 0 – 30 km qismida joriy ta’mirlash ishlari rejaga asosan bajarilgan.
Bugungi kunda mazkur avtomobil yo‘lining normal holatini joriy ta’mirlash hisobidan chuqurchalarni ta’mirlab ushlab turishning imkoni bo‘lmay qolgan. Bu yo‘l 1975-yilda qurilgan bo‘lib, hozirgi kundagi og‘ir yukli avtomobillarga mo‘ljallanmagan yo‘lning qatnov qismining asosi qalinligi 10 sm ham chiqmaydi. Qoplamasi yemirilib to‘rsimon yorilib ketgan. Shu sababli mazkur avtomobil yo‘li qayta qurish ishlarini bajarilishiga muhtoj bo‘lib qolgan.
O‘zbekiston respublikasi Prezidentining 2023 yil 24-25-oktyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida belgilangan topshiriqlar bo‘yicha 35-sonli yig‘ilish bayoni 49-bandida mazkur avtomobil yo‘lining holati yomonlashib qolganligi sababli 2024-yilda yo‘lning 0–30 km qismini xitoylik investorlarni jalb qilgan holda ta’mirlash ishlari boshlanishi belgilangan. Shuningdek, 2024-yil 3-iyunda mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mazkur 4K 342 “A-378 avtoyo‘li – Uyshun q. – 4R84 avtoyo‘li” avtomobil yo‘lining 30 km qismi ta’mirlanishi ta’kidlab o‘tilganini ma’lum qilamiz.
Qashqadaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi Axborot xizmati
Yo’limiz bir, niyatimiz xolis!