RASMIY MUNOSABAT

Ijtimoiy tarmoqlar orqali https://t.me/eltuzportali telegram kanalida “Kasbi–Qarshi” yo‘lining ta’mirtalab ahvoldaligi, yozda chang-to‘zon, yomg‘irli kunlarda esa loy bo‘lishi, yo‘l nosozligidan avtohalokatlar sodir etilayotganligi, ba’zida yo‘lovchilar halok bo‘layotganligi yuzasidan “Yo‘l nosozligidan avariyalar ham ro‘y bermoqda” sarlavhasi ostida e’lon qilingan tanqidiy murojaatga Qashqadaryo viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.

Ushbu murojaatda keltirilgan hudud Qashqadaryo viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi masʼullari tomonidan o‘rganildi. Qarshi – Kasbi yo‘nalishidagi 4R92 “Qarshi – Talliqo‘rg‘on – Kasbi – Jeynov — Pomuq” avtomobil yo‘li og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositalarining muntazam harkatlanishi natijasida hozirgi kunda haqiqatdan ham ta’mirtalab holatga kelib qolgan.

2023-yilda mazkur avtomobil yo‘lining 3–44-kilometrlari oralig‘ida qatnov qismini ta’mirlash, yo‘ldagi buzilish va cho‘kishlarni bartaraf etish maqsadida Respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, avgust va sentabr oylarida yo‘lning 4—7 va 11 – 18-kilometrlari oralig‘ida asfaltbeton qoplamasi yotqizilib, yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshirildi.

Ayni vaqtda mazkur yo‘lning haqiqatdan ham ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan 8—11-kilometr qismlaridagi buzilish va cho‘kishlarni bartaraf etish hamda qatnov qismini ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: joriy yilning 9 oyi davomida ushbu avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan 10 ta yo‘l-transport hodisasi natijasida 2 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 11 nafar fuqarolar turli darajadagi tan jarohatlarini olishgan.

Bugungi kunga qadar mazkur avtomobil yo‘lining nosozligi tufayli sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida fuqarolarning halok bo‘lish holatlari rasman qayd etilmagan.

Qashqadaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi Axborot xizmati