2022- yilning 12-iyul sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “2022−2026- yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi imzolanganligi barchamizga ma’lum.
“Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi sohada 2022−2026- yillar davomida O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilishi mo‘ljallangan quyidagi ishlarni o‘z ichiga oladi:
• avtomobil yo‘llari infratuzilmasini kompleks takomillashtirish;
• avtomobil yo‘llarida harakatni boshqarish tizimini raqamlashtirish;
• jamoat transportini rivojlantirish va raqamlashtirish;
• yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, bolalarga yo‘l harakati qoidalarini amaliy o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish;
• haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda transport vositalarining texnik holati ustidan nazoratni kuchaytirish.
Mazkur umummilliy dasturga ko‘ra, yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali yo‘llarda avariya va o‘limlar sonini qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Yo‘l harakatini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish va yo‘l harakati ishtirokchilari uchun qulay sharoitlar yaratish maqsad qilibl olingan hujjatda harakatni boshqarish tizimini to‘liq raqamlashtirish va jamoatchilikning ushbu sohadagi ishlarda keng ishtirokini ta’minlashga asosiy masala sifatida qaralgan.
Dastur doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlarda jamoatchilik ishtirokini ta’minlanishiga hamda «Ochiq budjet» axborot portali orqali yo’naltirilayotgan mablag’lardan aynan mazkur yo’nalishda samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilishi ham belgilab o’tilgan.