
Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan ushbu https://t.me/sizdantelegram telegram kanalida “Kasbi–Qarshi yo‘lining ta’mirtalab ahvoldaligi, yozda chang-to‘zon, yomg‘rli kunlarda esa loy bo‘lishi hamda yo‘l nosozligidan avariyalar ham ro‘y bermoqda, ba’zida yo‘ovchilar halok bo‘lyapti. Kasbi–Qarshi yo‘li ta’mirlanishini so‘rab qolamiz”, degan mazmundagi “Qashqadaryo – yo‘l nosozligidan avariyalar ham ro‘y bermoqda” sarlavhasi ostida e’lon qilingan tanqidiy murojaatga Qashqadaryo viloyati Аvtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Ushbu murojaatda keltirilgan hudud Qashqadaryo viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi masʼullari tomonidan o‘rganildi. Qarshi – Kasbi yo‘nalishidagi 4R92 “Qarshi – Talliqo‘rg‘on – Kasbi – Jeynov — Pomuq” avtomobil yo‘li og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositalarining muntazam harakatlanishi natijasida hozirgi kunda haqiqatdan ham ta’mirtalab holatga kelib qolgan.
2023 — yilda qatnov qismini ta’mirlash, yo‘ldagi buzilish va cho‘kishlarni bartaraf etish maqsadida Respublika budjeti mablag‘lari hisobidan mazkur avtomobil yo‘lining 3–44- kilometrlari oralig‘ida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, avgust-sentyabr oylarida yo‘lning 4–7- va 11–18- kilometrlari oralig‘ida asfaltbeton qoplamasi yotqizilib, yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshirildi. Mazkur yo‘lning qolgan qismilaridagi buzilish va cho‘kishlarni bartaraf etish hamda qatnov qismini ta’mirlash ishlari reja bo‘yicha davom ettiriladi.
Shuningdek, joriy yilning 9 oyi davomida ushbu avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan 10 ta yo‘l-transport hodisasi natijasida 2 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 11 nafar fuqarolar turli darajadagi tan jarohatlarini olishgan. Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tishimiz mumkinki, hozirgi kunga qadar mazkur avtomobil yo‘lining nosozligi tufayli sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida fuqarolarning halok bo‘lish holatlari rasman qayd etilmagan.
Ijtimoiy tarmoq faollari va bloggerlardan tegishli ekspertiza xulosalariga tayanmay turib bu kabi asossiz ma’lumotlarni taqdim etmasliklarini so‘rab qolamiz.
Qashqadaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi Axborot xizmati