
Koson tumanidagi 17-o‘ta umumta’lim maktabi “Halima Esaboy” MFY hududida joylashgan. O‘z navbatida ushbu maktabga Elobod qishlog‘idan ham o‘quvchilar qatnaydi. Muammo shundaki, elobodlik bolalar o‘z maktablariga borishi uchun davlat ahamiyatidagi 4R234 “Koson sh.–Karluk q.–Muborak sh.” avtomobil yo‘lini kesib o‘tishadi. Yo‘lning bu qismida piyodalar o‘tish joyi va yo‘l belgisining mavjud emasligi ota-onalarda ancha xavotir uyg‘otayotgan edi. Shu qishloqda yashovchi fuqaro Rustam Xolmurodov tomonidan Qashqadaryo viloyat AYBBga yo‘llangan murojaat mazmunida ham aynan shu masala aks etgan edi.
Shu kungacha ko‘ndalang turgan ushbu masala ayni kunga kelib viloyat yo‘lsozlari tomonidan ijobiy hal etildi. Davlat ahamiyatidagi 4R234 “Koson sh.–Karluk q.–Muborak sh.” avtomobil yo‘lining 2–5-km qismlari oralig‘ida 2 ta piyodalar o‘tish joyini bildiruvchi yo‘l belgisi va yotiq yo‘l chiziqlari chizildi.