RASMIY MUNOSABAT

Ijtimoiy tarmoqlardagi telegram kanallarida “Yaqindagina yotqizilgan asfaltning ahvolini koʻring…” sarlavhasi ostida e’lon qilingan maqola yuzasidan “Qashqadaryo mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
“Ochiq budjet” axborot portalida oʻtkazilgan tashabbusli budjet jarayonining 2023 yil 2-mavsumida gʻolib deb topilgan Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumani “Shoʻrbozor” MFY At-Termiziy koʻchasida joylashgan 54-maktabdan 60-maktabgacha boʻlgan ichki xoʻjalik yoʻlining 2.4 km qismiga asfalt qoplama yotqizish belgilangan.
Mazkur obyekt Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashabbusli budjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 117-sonli qaroriga asosan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida loyiha-qidiruv va pudrat tashkilotlarini aniqlash maqsadida inson omilisiz oʻtkaziladigan elektron tender (tanlov) savdolariga qoʻyilgan. Tashkil etilgan tender savdolariga koʻra loyiha-qidiruv tashkiloti — “Qashqadaryo kompleks loyiha-qidiruv ekspeditsiyasi” JK hamda pudratchi — “CLEVER PROJEKT INVEST” MChJ gʻolib deb topilgan.
Obyektda olib borilgan ta’mirlash ishlari mutaxassislar tomonidan oʻrganilib, kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha pudratchiga tegishli koʻrsatmalar berildi. Shu oʻrinda murojaatlarga individual tartibda yondashib, muammolar toʻliq va har tomonlama oʻrganilgan holda budjet mablagʻlarini maqsadli sarflanishi va bajariladigan ishlar sifat koʻrsatkichlari toʻliq ta’minlanib, qonun doirasida hal etilishini ma’lum qilamiz.
Qashqadaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi Axborot xizmati