XOTIRJAM BO‘LAR KO‘NGIL—BO‘LSA XAVFSIZ, TOZA, RAVON YO‘L

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-iyuldagi PQ-316-son qaroriga asosan Qashqadaryo viloyati hududidan o‘tgan umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llarida “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturi doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Ma’lumotlarga e’tibor qaratadigan bo’lsak, yo‘l infratuzilmasini kompleks takomillashtirish yuzasidan joriy yilgi rejada ko‘rsatilgan 5119 dona yangi yo‘l belgilarini o‘rnatish vazifasi 1831 donaga uddalandi. Yaroqsiz holatga kelib qolgan 3500 dona yo‘l belgilaridan 2252 donasi almashtirildi. Maktablar oldida tezlikni cheklovchi rejadagi 300 dona belgilardan 125 donasi o‘rnatildi. Yo‘nalishlarda dastlabki, yo‘naltiruvchi va masofa ko‘rsatuvchi yo‘l ko‘rsatkichlarini o‘rnatish rejasi 1040 donani tashkil etib, amalda 340 dona yo‘l ko‘rsatkichlari o‘rnatildi. 0,8 km kavdrat yo‘l yotiq chiziqlarini chizish ishlari 0,60 km kvadrat masofada uddalandi. Shu bilan bir qatorda rejada belgilangan quyidagi ishlar to‘liq tartibda uddalandi. Bunda, 5 ta chorrahalaning geometrik parametrlarini o‘zgartirish yo‘li bilan ularning o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshirildi. “Avtomobil yo‘llaridan foydalanish va texnik holatini tahlil qilish markazi” unitar korxonasi tomonidan yo‘l belgilarining o‘rnatilgan joylari aniq ko‘rsatilgan yagona elektron xarita yaratilib, unga 2253 dona yo‘l belgilari kiritildi. Bu boradagi ishlar viloyatimizda muntazam ravishda belgilangan reja asosida olib borilmoqda.

Tahlillarimizni “Qashqadaryo yo‘llardan muntazam foydalanish” unitar korxonasiga qarashli yo‘l bo‘limlari faoliyati misolida davom ettiradigan bo‘lsak, barcha yo‘l bo‘limlari tomonidan viloyatimizning turli nuqtalaridagi avtomobil yo‘llarida saqlash ishlari doimiy ravishda olib borilmoqda.

Alisher To‘xtayev boshchiligidagi 184-yo‘l bo‘limi ishchi — xodimlari tomonidan  davlat ahamiyatidagi 4R87 “A-378 avtomobil yo‘lining Qarshi shahriga kirish” avtomobil yo‘li 52—53 — kilometrlari hamda xalqaro ahamiyatga ega A-378 “Samarqand—G‘uzor” avtomobil yo‘lining 83—85 — kilometrlari oralig‘idagi lotoklar turli xil maishiy chiqindilardan tozalanib, tartibga keltirildi.

Bir qarashda avtomobil yo‘llari shunchaki masofalarni tutashtiruvchi omil sanalishi mumkin, biroq Qashqadadaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasiga qarashli yo‘llarning har bir nuqtasida har kuni qaynoq ish jarayoni olib borilishiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. G‘olibbek Bozorov boshchiligida 161-yo‘l bo‘limi faoliyatidan kelib chiqib gapiradigan bo‘lsak, kuni kecha bo‘lim yo‘lsozlari  tomonidan xalqaro ahamiyatga ega M-39 “Almata—Bishkek—Toshkent—Termiz” avtomobil yo‘lining 1294—1305- kilometrlar oralig‘ida freza yordamida yo‘lni geometrik o‘lchamga keltirish uchun kesish ishlari amalga oshirildi.

Shuningdek, aynan ushbu bo‘lim ishchi-xodimlari tomonidan M-39 “Almata-Bishkek-Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lining 1283—1315- kilometrlari oralig‘ida eskirgan yo‘l belgilarini yangisiga almashtirish, qo‘shimcha yangi yo‘l belgilari o‘rnatish hamda piyodalar o‘tish joylarida yotiq chiziqlar chizish kabi maxsus vazifalar a’lo darajada uddalanmoqda.

Qashqadaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi Axborot xizmati.