
Millatlarni, xalqalrni o‘zaro muloqot va aloqa munosabatlarini tiklovchi shunday bir muhim vosita borki, uni ortiqcha ta’riflashga hojat qolmagay. Bu betakror olamiyon ko‘zgu — til!
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 34 yilligi hamda 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kunini keng nishonlash maqsadida Qashqadaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi majlislar zalida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Davra suhbati shaklida o‘tgan tadbirga o‘zbek tili o‘qituvchisi Zulfiya Oripovaning mehmon sifatida ishtirok etishi tadbirni yanada qiziqarli va mazmunli o‘tishiga sabab bo‘ldi. Boisi, unda ona tilimizning naqadar qadim va azim tarixga egaligi, millatimiz fenomenini shakllantirishda ustuvor ahamiyat kasb etganligi va bugungi kunda ham ona tilimizga hurmat, uning qadr-qimmatini oshirishga davlat darajasida e’tibor qaratilayotganligi xususida so‘z yuritildi.
So‘nggi yillarda ona tilimizni yanada rivojlantirish borasidagi islohotlar ham tilimizga bo‘lgan hurmatning bosh belgisi, desak yanglishmaymiz. Zero, Hazrat Navoiy ta’riflaganlaridek, tilga ixtiyorsiz, elga e’tiborsiz bo‘lmas!
QASHQADARYO VILOYATI AVTOMOBIL YO‘LLARI BOSH BOSHQARMASI