
Darhaqiqat, shunday. Zero, xalqimiz orasida uzoq manzillar sari yo‘l olgan kishiga yo‘lingiz bexatar, manzilingiz ravon bo‘lsin, deya yaxshi niyat bildirish qadriyatga aylangan. Ayniqsa, bu safar dovon oshib uzoq tog‘li manzillarga boshlaganda bu hikmat qadrini yanada yaxshiroq anglash mumkin. Mamlakatimizda, xususan viloyatimizda olib borilayotgan yo‘l qurilishi ishlarini kuzatish davomida biz ham bunga amin bo‘ldik.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatimizga tashrifi davomida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha bergan topshiriqlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-sentyabrdagi «Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari aholisining turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 523-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tumanning turizm obyektlariga olib boruvchi avtomobil yoʻllarini taʼmirlash va yoʻllar holatini yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Shahrisabz – Miraki, Miraki shaharchasi, Miraki — Hisorak, Hisorak – Munavar – Gʻilon qishloqlari yoʻnalishidagi hamda Gʻilon va Sarchashma qishloqlari hududidagi jami 84 km uzunlikdagi yoʻllarda asfalt yotqizish ishlari olib borilmoqda. Asfalt qoplama yotqizish ishlari Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tizimidagi yoʻl korxonalari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunga qadar ushbu yoʻnalishdagi yoʻllarning 60 km qismiga asfalt qoplama yotqizilganligining o‘ziyoq yo‘lsozlar tomonidan ishlar jadallik bilan olib borilayotganligiga ishora qilmoqda.
Bu esa kelgusida hududdagi yoʻllar holati yaxshilanib, tuman markazidan olisda yashovchi koʻp sonli aholiga qulaylik tug‘diradi.
Mazkur ishlarni amalga oshirish uchun Respublika budjetidan 50,0 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, hozirda 35,7 mlrd soʻmlik yoʻllarni taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Ayni jarayonlarga 40 dan ortiq maxsus texnikalar safarbar etilgan.
Ta’rif-u tavsifi tillarda doston, tabiati olamjahon Shahrisabz durdonasiga aylangan G‘ilon qishlog‘iga olib boruvchi ravon yo‘llar hademay sizni sayr-u sayohatga chorlay boshlaydi. Darvoqe, bu manzilga eltuvchi azob-uqubatli yo‘llar haqidagi eski cho‘pchaklarni endi unutsangiz ham bo‘laveradi. Yuqorida tilga olganimizdek, bu yo‘llar sizni nurafshon manzillarga chorlayveradi. Faqat istak bildirsangiz kifoya.
Qashqadaryo viloyat Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi
Axborot Xizmati