Ko’kdala tumanida fuqarolarning huquqiy ongini yuksaltirish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatini keng targ‘ib qilish, shuningdek, aholining huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida “Huquqiy targ‘ibot”ga oid davra suhbati o‘tkazildi.

Mazkur tadbir “Huquqiy targ‘ibot va tashviqot” guruhi a’zosi, “Ko’kdala tuman yo‘llardan foydalanish” korxonasi davlat muassasasi yuriskonsulti M.Eshmuradov tashabbusi bilan tashkil etilib, u “Oltin dala” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazildi.

Davra suhbati davomida ishtirokchilarga korrupsiyaning ijtimoiy hayotga salbiy ta’siri, korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashishning asosiy tamoyillari, davlat organlari va fuqarolarning bu boradagi o‘zaro hamkorligi haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–6013-sonli Farmoni va ushbu yo‘nalishda qabul qilingan boshqa normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati tahlil qilinib, ularning amaliy ahamiyati haqida fuqarolarga aniq misollar orqali tushuntirildi.

Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy yo‘nalishlari – profilaktika, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, fuqarolik nazorati mexanizmlarini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar bilan murojaat qildilar, har bir savol bo‘yicha huquqiy izohlar va amaliy tavsiyalar berildi.

Bundan tashqari, davra suhbati chog‘ida korrupsiyaning oldini olishda jamoatchilik nazorati, mahalla faollari va aholining o‘rni, shuningdek, halollik, mas’uliyat va vijdonlilik tamoyillariga amal qilishning dolzarbligi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida fuqarolarga huquqiy madaniyatni oshirish, qonunlarga hurmat bilan qarash, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz bo‘lish zarurligi haqida tavsiyalar berildi.

Mazkur huquqiy targ‘ibot tadbiri fuqarolarning huquqiy bilimini mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida jamiyatda murosasiz muhitni shakllantirish hamda davlat siyosatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadiga xizmat qildi.

Shu bilan birga, Ko’kdala tumanida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan huquqiy targ‘ibot va tashviqot ishlari izchil tarzda davom ettirilmoqda.