
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) kompaniyasi a’zolari Avtomobil yoʻllari qoʻmitasida boʻlishdi.
Qoʻmita raisining oʻrinbosari Obid Odilov ular bilan muzokara olib bordi.
Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va JICA oʻrtasidagi «Taraqqiyot uchun rasmiy koʻmak» dasturi doirasidagi oʻzaro hamkorlikning ijobiy natijalari qayd etildi.
1993-yildan 2023-yilgacha mazkur tuzilma homiyligida mamlakatimizda imtiyozli kreditlar, grantlar va texnik koʻmak dasturlari boʻyicha bir necha million dollarlik loyihalar amalga oshirildi.
JICA bosh vakili Bito Yoshibumi va Sera Koki janoblari Oʻzbekistonni Markaziy Osiyodagi asosiy hamkori deb bilishini hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlar jarayonini yuksak qadrlashini ta’kidladi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga xayrixoh ekanligiga ishonch bildirdi.
Energetika, chiqindilarni kamaytirish, ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, eksportni qoʻllab-quvvatlash, transport va logistika, sogʻliqni saqlash va ta’lim sohalari boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlik loyihalarini amalga oshirib kelayotgan agentlik yoʻl xoʻjaligi tarmogʻi boʻyicha ham istiqbolli rejalarga ega.
Qoʻmita raisining oʻrinbosari O.Odilov Yaponiya hukumati Oʻzbekistonga grant mablagʻlari hisobidan yoʻl xoʻjaligi sohasida ishlatiladigan 16 ta texnika bergani uchun oʻz minnatdorligini bildirdi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) kompaniyasi bilan kelgusidagi hamkorlik har ikki davlat uchun manfaatli va istiqbolli boʻlishini ta’kidladi.
—Bu hamkorlik ayniqsa, bugun koʻpriklar qurilishida nihoyatda muhim. Qurilganiga 50 yildan oshgan koʻpriklarda rekonstruksiya ishlarini olib borish kerak,—dedi O.Odilov.
Oʻz navbatida xorijlik hamkorlar bu taklif boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdilar. Muzokara soʻnggida hamkorlik qilish boʻyicha dastur va qoʻshma loyihalar ishlab chiqishga kelishildi.
Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi Axborot xizmati