
Ijtimoy tarmoqlarda “Ta’mirlangan ko‘prik yarim kunlik yomg‘irga dosh bermadi” sarlavhasi ostida e’lon qilingan murojaat yuzasidan Qashqadaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Mazkur murojaat Koson tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi mutaxassis- xodimlari tomonidan joyida o‘rganib chiqildi. Murojaatda “ta’mirtalab”, deb ko‘rsatilayotgan ko‘prik Koson tumani Gulobod MFY hududida joylashgan bo‘lib, korxona xizmat qiladigan mahalliy ahamiyatdagi 4K314 “Guvalak q. — Pistali q. — Paxtaobod q.” avtomobil yo‘lining 3 km PK06 pekitda joylashgan. Uzunligi 60 p.metrlik Qarshi bosh kanali ustidan o‘tgan. Ko‘prikning holati yaxshi.
2023-yilning 9-dekabr kuni ko‘prikning ta’mirtalab joyi sementobeton bilan ta’mirlanib, harakatdagi avtomashinalar bosib o‘tib, quyilgan sementobetonni buzib tashlamasliklari uchun ko‘prikning ta’mirlangan qismi atrofiga ogohlantiruvchi to‘siq va belgilar qo‘yilgan edi. Sementobeton mahsulotining to‘liq qotishi, ya’ni ishchi holatiga kelishi uchun qurilish normalarida 28 kun etib belgilanganligi sababli qo‘yilgan ogohlantiruvchi to‘siq va belgilar bugungi kunga qadar ham olinmagan. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinib, ko‘prikning sementobeton bilan ta’mirlangan qismini yana ta’mirtalab ahvolga kelgan, deb noto‘g‘ri xulosaga borilgan. Bugungi kunda ko‘prikdan o‘tuvchi barcha transportlarning harakat havfsizligi to‘liq ta’minlanganligini ma’lum qilamiz.
Qashqadaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi Axborot xizmati