
Ijtimoiy tarmoqlarda “Qarshi-Beshkent” yo‘nalishidagi yo‘l o‘tkazgich ko‘prikning holati haqida e’lon qilingan tanqidiy murojaatga Qashqadaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qiladi:
Mazkur yo‘l o‘tkazgich Qarshi shahri Mustaqillik ko‘chasidan o‘tuvchi temir yo‘l ustida qurilgan bo‘lib, 1972- yilda qurilgan. Umumiy uzunligi 959,7 pm ni tashkil qiladi. Shundan konstruksiya qismi 414,3 pm, ko‘prikka tutash yo‘l (podxod) 545,4 pm dan iborat. Qatnov qismi eni sxemasi 14,1+2×2,6 metr bo‘lib, Qarshi shahar hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi balansida turadi.
Yo‘l o‘tkazgichning qatnov qismida deformatsiya choklari yorilish, har-xil o‘lchamda cho‘kishlar va buzilishlar paydo bo‘lgan. Ushbu yoriq va buzilishlar yillar davomida qor yomg‘ir suvlari pastga oqib, temir beton qismlari yemirilishiga sabab bo‘lgan. Temir beton ustunlar, balkalari, regel (nasadka) qismlarining barchasi zararlangan. Qor va yomg‘ir suvlari oqib ketishi uchun suv qochirish novlar tashkil etilmagan.
Mazkur yo‘l o‘tkazgich 2015-yilda Toshkent shahridagi Ko‘prik ilmiy tadqiqot instituti va 2018-yilda Toshkent “Avtomobil yo‘llari ilmiy tadqiqot instituti” unitar korxonalari tomonidan diagnostika qilingan va xulosaga ko‘ra rekonstruksiya qilish tavsiya etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-29- yanvar kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan 1592 xh- -sonli majlis bayonining 13-bandida Qashqadaryo viloyati hokimligi, Moliya vazirligiga “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan birgalikda Qarshi shahrining “Mustaqillik” ko‘chasidagi yo‘l o‘tkazgich rekonstruksiya ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017- yil 4-oktabrdagi PQ-3309-sonli qaroriga asosan budjet mablag‘lari hisobidan 2019-yil dasturiga kiritgan holda amalga oshirilishini hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tizimidagi Ko‘prikqurilish tresti” UK balansiga o‘tkazish vazifasi yuklatilgan.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2023-yil 24-25- oktabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan 35-sonli yig‘ilish bayonining 50-bandida 2024-yil fevraliga qadar Qarshi shahrining “Mustaqillik” ko‘chasidagi yo‘l o‘tkazgichni rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini hamda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini ta’minlash belgilab qo‘yilgan.
Qashqadaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi