Yo‘llarga o‘zboshimchalik bilan bunday to‘siqlar o‘rnatish mumkin emas.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qaroriga 1-ILOVA “Yo‘l harakati qoidalari”ning 4-bandiga muvofiq Yo‘l harakati qatnashchilari yo‘ldagi boshqa harakat qatnashchilarining harakatlanishiga to‘sqinlik qilmasligi va xavf tug‘dirmasliklari kerak.
Tegishli vakolatga ega bo‘lmagan yuridik va jismoniy shaxslarga yo‘l qoplamasini buzish, o‘zgartirish yoki zarar etkazish, ifloslantirish, yo‘l belgilarini, svetoforlarni va harakatlanishni tashkil etishning boshqa texnik vositalarini o‘zboshimchalik bilan olib tashlash, o‘rnatish, to‘sib qo‘yish, shikastlantirish, yo‘llarda harakatlanishga to‘sqinlik qiluvchi narsalarni qoldirish, “sun’iy notekislik” qurilmalarini o‘rnatish taqiqlanadi.
Harakatlanishga to‘sqinlik yuzaga keltiradigan shaxs uni tezda bartaraf qilish uchun imkoniyati darajasida barcha choralarni ko‘rishi, agar buning iloji bo‘lmasa, mavjud barcha vositalar bilan xavf-xatar haqida harakat qatnashchilarini ogohlantirishi va ichki ishlar organlariga (keyingi o‘rinlarda IIO) xabar berishi shart.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 147-moddasida aynan yuqorida aytib o‘tilgan harakatlar uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, buning uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida jarima solinishi mumkin.