
Yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanib yaxshi tajriba va tizim yaratgan tuman va mahallalar juda ko‘p.
Xo‘jaobod, Mo‘ynoq, Hazorasp, Shahrisabz, Yakkabog‘, Nurota va Sariosiyo kabi o‘nlab tumanlarda ham yaratilgan ish o‘rinlari ko‘rsatkichi qoniqarli.
Prezident Hazorasp tumani aholisiga bu islohot qanday imkoniyatlar yaratgani haqida “Shovot” mahallasi raisi Sora Rajabovaning fikrlarini so‘radi. Uning fikrlarini eshitib, barcha mahalla raislariga murojaat qildi.
«Har bir mahalladagi xonadon va ko‘cha bo‘ylaridagi yer maydonlariga tajribali dehqonlarni jalb qilib, mahallangizda oziq-ovqat ta’minoti bo‘yicha o‘z tajribangizni yaratsangiz, bilasizlarmi qanday katta o‘zgarish bo‘ladi!”, dedi Prezident.
Yil yakuni bo‘yicha respublikadagi 200 nafar namunali tajriba yaratgan mahalla raislarini rag‘batlantirishga topshiriq berildi.
Shu bilan birga, respublika bo‘yicha 16 ming gektar maydon egasini topmagan. Chunki bu yerlar aholi yashaydigan joydan uzoq, suvi og‘ir, meliorativ holati yomon, lalmi va yaylov maydonlardan tanlangani uchun ularga dehqonlarda qiziqish yo‘q.
Bundan tashqari, 4 ming 300 gektar maydon egalariga kadastr berilmagan, ya’ni ularda hali egalik huquqi yo‘q.
Mutasaddilarga va viloyat hokimlariga tanlovda egasi aniqlanmagan yerlarni aholi uchun qulay maydonlarga almashtirish, yer egalariga kadastr hujjatini rasmiylashtirib berish topshirildi.