Targ‘ibot guruhining a’zosi, “Ko‘kdala tumani yo‘llardan foydalanish” korxonasi davlat muassasasining yuriskonsul’ti M.Eshmuradov tomonidan tuman adliya bolimi xodimi A.Badalov bilan muassasa xodimlari ishtirokida huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Tadbir davomida xodimlarning huquqiy ongini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi qonunchilik talablari va ularni amaliyotda qo‘llash mexanizmlari batafsil tushuntirildi.
Tashkil etilgan targ‘ibot tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-71-sonli Farmonida belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar atroflicha yoritildi. Ushbu Farmon davlat boshqaruvi tizimida halollik tamoyillarini mustahkamlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldindan aniqlash va ularni bartaraf etishning samarali mexanizmlarini joriy etishga qaratilgani alohida ta’kidlandi.
Tadbir jarayonida xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, korrupsiyaga qarshi “murosasiz munosabat” tamoyilini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shu bilan birga, davlat muassasasida faoliyat yurituvchi har bir xodim qonuniylik, adolat, shaffoflik va ochiqlik prinsiplari asosida ish yuritishga mas’ul ekani, jamoaviy mas’uliyat va xizmat intizomi kuchaytirilishi lozimligi qayd etildi.
Tadbir doirasida korrupsiya tushunchasining huquqiy talqini, korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari, shuningdek, ularning oldini olishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar tizimi (Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi Qonun, tegishli Prezident farmon va qarorlari, hukumat dasturlari va boshqalar) haqida atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, korrupsiyaviy risklarni baholash hamda anonim murojaatlar bilan ishlash jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Mazkur targ‘ibot tadbiri korrupsiyaga qarshi kurashning tizimli va profilaktik yondashuv asosida olib borilishi, xodimlarda yuksak huquqiy ong va axloqiy mas’uliyatni shakllantirish, davlat xizmatida halollik muhitini yaratishga qaratilgan muhim bosqich sifatida baholandi.